Yurtimizda buyuk ajdodimiz Amir Temur tavalludining 686 yilligi keng nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboniga davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, tarixshunos olimlar, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, harbiy oliy ta’lim muassasalari kursantlari va yoshlar yig‘ildi.
Tantanada so‘z olganlar Amir Temur va temuriylar davrining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, milliy davlatchiligimiz tarixini o‘rganish, xolis va haqqoniy tadqiq qilish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni e’tirof etishdi. Yoshlar “Temur tuzuklari”dan yod aytib, buyuk siymoga ehtirom ko‘rsatdilar.
Ayniqsa harbiy oliy ta’lim maskanlari kursantlari tomonidan ijro etilgan jang san’ati namunalari o‘sib kelayotgan yoshlarning ona Vatanimizga sadoqat, mardlik, buyuk ajdodlarga munosib vorislik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida sohibqiron bobomiz tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham tashkil etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati