Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

BILIM VA AMALIY KO‘NIKMALAR SINOVI

20 May 2022, 07:05

1397

Soha uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ta’lim jarayoniga ilg‘or yondashuvlar tatbiq etilmoqda. Shulardan biri “Final” kompleks o‘quv mashqlaridir.

“Final” nima?

“Final” – bu bitiruvchi bosqich kursantlari bilan o‘quv yili yakunida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar bo‘lib, uning asosiy maqsadi nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar yordamida mustahkamlash, kursantlarning kelgusidagi faoliyatiga moslashishini ta’minlashdir. Bunda mashg‘ulotlar IIO amaliyotiga, undagi sharoitlarga maksi¬mal darajada yaqinlashtirilgan holda o‘tkaziladi. Ya’ni ixtisoslik yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan kursantlar o‘quv tergov-tezkor guruhlariga taqsimlangan holda sodir qilingan jinoyatni fosh etishdan sud jarayonigacha bo‘lgan protsessual harakatlarni mustaqil ravishda bajaradi.

Foydali jihatlari

Mutaxassislarning fikricha, “Final” kompleks o‘quv mashqlari kursantlarning jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish va tergov harakatlarini o‘tkazishda maqbul tezkor-xizmat hamda protsessual qarorlarni qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Muhimi, berilgan topshiriqni bajarish jarayonida har bir kursant o‘zining kasbiy mahorati, tezkor-taktik qobiliyati, psixofiziologik tayyorgarligini yuksaltirishga erishadi. Bu esa ularning amaliy faoliyatga qisqa fursatda moslashishiga yordam beradi.

Mashg‘ulotlar qanday o‘tmoqda?

Joriy yilning 16-mayidan kompleks o‘quv mashqlari boshlandi. Mashg‘ulotlar ixtisoslik kafedralari qoshidagi o‘quv-metodik xonalar, kriminalistik poligon, shuningdek maxsus jihozlangan ob’ekt va maydonchalarda olib borilmoqda. Kursantlarning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, o‘g‘irlik, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlarini fosh etish bo‘yicha egallagan nazariy bilim hamda ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Amaliyot xodimlari ham jalb qilingan

Aytish joizki, o‘quv mashqlariga Akademiya ixtisoslashtirilgan kafedralari professor-o‘qituvchilari bilan birga, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmat rahbarlari va boy tajribaga ega xodimlari, sud, prokuratura, advokatura tizimi vakillari, shuningdek o‘quv dargohida ta’lim olayotgan magistratura tinglovchilari ham jalb etilgan. Ular tomonidan mashg‘ulotlar davomida o‘quv tergov-tezkor guruhlari tomonidan amalga oshirilayotgan protsessual harakatlar baholab borilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “Final” kompleks o‘quv mashqlari ta’lim dargohini tamomlash arafasida turgan yoshlar uchun kasbiy bilim va salohiyat namoyon etiladigan sinov maydoniga aylanmoqda. Ayni jarayonda kursantlarning professional mahoratini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani kadrlar tayyorlash samaradorligini yanada oshirishi, shubhasiz.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech