Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Bilim, izlanish va intilish tanlovi

13 Avgust 2022, 09:08

1172

IIV Akademiyasi kursantlari “Cho‘lpon” nomidagi maxsus stipendiya sohibi bo‘lish uchun yakuniy imtihonlarni topshirdilar.

Tanlovning ilk bosqichi joriy yilning iyul oyida o‘tkazilib, unda kunduzgi ta’lim o‘quv kurslarida bilim olayotgan besh yuz nafarga yaqin kursant ishtirok etgan edi. Yakuniy bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bilimdon talabgorlar saralandi.

Nizom talablariga ko‘ra, nomzodlar Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodi bo‘yicha faol izlanish olib borishlari, matbuot va omaviy axborot vositalarida adib merosiga bag‘ishlangan tadqiqot materiallari bilan ishtirok etishlari, yoshlar o‘rtasida adabiyotni keng targ‘ib qilishlari lozim. Shuningdek, tanlov jarayonida talabgorlarning o‘quv yili davomida fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, jamoat tadbirlarida faolligi, shaxsiy namunasi, fidoyi va tashabbuskorligi inobatga olinadi.

Yakuniy suhbat jarayonida nomzodlarning Cho‘lpon hayoti va ijodi, adib merosining milliy adabiyotimizdagi salmoqli o‘rni, asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar yuzasidan bilim salohiyati hamda ma’naviy dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi.

– Mazkur tanlovning joriy qilingani biz, yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi 2-bosqich kursanti Yahyobek Kamolov. – Adabiyotimizda munosib o‘rin egallagan buyuk bobolarimizning asarlarini o‘qib-o‘rganish ma’naviy kamolotimizga xizmat qiladi.  

Eslatib o‘tamiz, stipendiyaga sazovor bo‘lgan yoshlar Mustaqillik bayrami arafasida “Cho‘lpon stipendiati” faxriy yorlig‘i hamda bir yil davomida to‘lanadigan pul mablag‘i bilan rag‘batlantiriladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech