Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

BAA DELEGATSIYASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV

04 May 2023, 09:05

837

Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari yurtimizga tashrifi doirasida IIV Akademiyasida bo‘ldi.

Uchrashuv tomonlarning samimiy va do‘stona ruhdagi muloqoti bilan boshlandi. Akademiya rahbari Rustam Xatamov martabali mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni alohida e’tirof etdi.

Unda qayd qilinganidek, ikki tomonlama aloqalar tarixiy an’analarga tayangan o‘zaro ishonch, tenglik va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida jadal rivojlanib bormoqda. Bundan bir yil muqaddam davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligi nishonlandi. Muntazamlik kasb etayotgan yuqori darajadagi siyosiy muloqotlar global soha va tarmoqlarda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish imkonini bermoqda.

– Xalqlarimizni umumiy tarix, madaniy va ma’rifiy qadriyatlar bog‘lab turadi. Hamkorlik aloqalarining bugungi bosqichida har ikki mamlakat taraqqiyotning ilg‘or yo‘lini tanlagan. Yana bir muhim jihati, Birlashgan Arab Amirliklari ham O‘zbekiston singari inson taraqqiyoti va ta’limga katta investitsiyalar kiritmoqda. Mamlakatning yetakchi o‘quv dargohlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ta’lim sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, – dedi Rustam Xatamov.

O‘z navbatida, delegatsiyasi rahbari, Birlashgan Arab Amirliklari IIV Xalqaro masalalar byurosi bosh direktori Dana Humaid al-Marzuqiy yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirgan holda quyidagilarni e’tirof etdi:

– O‘zbekiston mintaqada muhim geosiyosiy mavqega ega davlat hisoblanadi. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik ichki va tashqi siyosati tufayli rivojlanishning tarixiy bosqichini bosib o‘tdingiz. O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqaro ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashishga qaratilgan faol tashabbuslari jahon hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yurtingizga tashrif asnosida manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, bu boradagi sa’y-harakatlarimiz ijobiy natijasini beradi.

Ochiq va konstruktiv muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik bir qator masalalar, jumladan, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashish, xavfsiz turizmni rivojlantirish, sohaga IT texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kadrlar tayyorlash yo‘nalishida Birlashgan Arab Amirliklari politsiya akademiyalari va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli dasturlar asosida kadrlar va ta’lim oluvchilarni o‘qitish, dolzarb mavzularda xalqaro anjuman va mashg‘ulotlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi. BAA delegatsiyasi vakillari muloqot chog‘ida bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shundan so‘ng mehmonlar Akademiya faoliyatiga joriy qilingan yangilanishlarni ko‘zdan kechirishdi. Innovatsion ta’lim jarayonlari, zamonaviy o‘quv xonalari, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa dunyoda o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz timsolida yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan milliy yondashuvlar mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech