Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning daxldorlik hissini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatimizning haqiqiy tayanchiga aylantirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Ana shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari” o‘quv yig‘inlari tashkil qilinib, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Aytish kerakki, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida o‘quv yig‘inlariga Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarining barcha hududlaridan 5 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.
23–25-aprel kunlari akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov o‘quv yig‘inlari faoliyati bilan tanishish va yoshlar bilan muloqot qilish maqsadida mazkur viloyatlarda bo‘ldi. Dastavval navoiylik yoshlarning shart-sharoitlari o‘rganildi. O‘quv yig‘iniga biriktirilgan mas’ullarga vatanparvarlik ruhidagi ishlar samaradorligini oshirish, yoshlar taqdiriga yuksak mas’uliyat bilan yondashish borasida tavsiyalar berildi.
Akademiya boshlig‘i yoshlar bilan muloqot qilar ekan, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi. Yangilanishlar jarayonida yoshlarning faolligi, ezgu maqsad sari intilishi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Tadbir davomida yoshlar qatlami vakillarining taklif va tashabbuslari, kelgusidagi rejalari tinglandi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar hayotiga daxldor ko‘plab masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarga yangilangan Konstitutsiyamizdagi asosiy o‘zgarishlar, ayniqsa inson huquqlariga oid normalarning mazmun-mohiyati, davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar batafsil tushuntirildi. Akademiya boshlig‘i yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash dolzarb vazifa ekanligini, har bir inson, avvalo, o‘z yurti taqdiriga befarq bo‘lmasdan, ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Aytish joizki, uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularni sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan o‘quv yig‘inlari Qashqadaryoda ham uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Viloyatdagi ikkita harbiy qismda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar, sayyor uchrashuvlar hayotda o‘z o‘rnini topishda qiynalgan, ko‘makka muhtoj yoshlarga motivatsiya bermoqda.
Akademiya rahbari qashqadaryolik yoshlar bilan muloqotda ularning qiziqishi, oilaviy ahvoli, muammolariga qiziqdi. Jamiyatimizdagi islohotlar inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani, yoshlarni to‘g‘ri maqsadlarga yo‘naltirish ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv davomida yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida yaratilgan tizimlar, Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlashga oid qarorida belgilab berilgan chora-tadbirlar batafsil tushuntirildi. Yoshlar masalasini hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Muxtasar aytganda, bugun jamiyatimizning har bir a’zosi, ayniqsa yosh avlod vakillari davlatimizning alohida e’tibor va g‘amxo‘rligida. Muhimi, bu yo‘lda samarali mexanizmlar ishlab turibdi. Amaliy ishlar natijasi yoshlarning intilish va sa’y-harakatiga bog‘liq ekanligini ham aytish joiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati