Andijon tumanining “Sultonobod” mahallasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha “fuqarobay” ishlash metodikasi samarali tatbiq qilinmoqda.
Joriy yilning 10–15-yanvar kunlari IIV Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan mazkur mahallaning kriminogen vaziyatini yaxshilash borasida tizimli ishlar qilindi. Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari bilan birgalikda o‘tgan yil davomida sodir etilgan jinoyatlar joylarga chiqilgan holda o‘rganildi.
Tahlillarga ko‘ra, “Sultonobod” mahallasida 2021-yilning 12 oyi davomida jinoyatchilik miqdori 34,7 foizga kamaygan. Xususan, o‘g‘irlik, firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlar nisbatan kam sodir etilgan bo‘lsa, qasddan odam o‘ldirish, pora berishda vositachilik qilish, badanga qasddan shikast yetkazish kabi holatlar umuman qayd etilmagan.
Ishchi guruhi a’zolari mahalla hududida sodir etilgan tovlamachilik, bezorilik, hujjatlarni qalbakilashtirish, tuhmat va haqorat qilish jinoyatlarining sabablarini o‘rgangan holda ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarni olib bordilar. Mahalla faollari bilan muloqotlar chog‘ida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har bir omil atroflicha muhokama qilinib, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish, mavjud muammolarni “fuqarobay” yondashuv asosida bartaraf etish, aholi orasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligi xodimlarning amaliy tajribasi, kasbiy malakasiga bog‘liq. Joylarda o‘tkazilgan yig‘ilish va uchrashuvlarda ayni dolzarb masala ham e’tibordan chetda qolmadi. Profilaktika inspektorlarining bilim salohiyati va kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish borasida tegishli vazifalar belgilanib, shaxsiy tarkibga tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati yetkazildi. Bu ham “fuqarobay” ishlash orqali mahalla hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati