Diqqat! Sayt sinov rejimida

Yangiliklar

EZGU HARAKATDA BARCHA FAOL

23 Noyabr 2021, 06:11

112

Joriy yilning 2-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga keng tatbiq etish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.

 Yurtimizni yanada obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish yo‘lidagi ezgu harakatga Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ham munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov tashabbusi bilan Akademiya otaliqqa olgan poytaxtimizdagi 121-sonli o‘rta umumta’lim maktabida manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Tadbirda ta’lim maskani direktori Hilola Raimbekova, faol va tashabbuskor o‘qituvchilar, o‘quvchi yoshlar, mahalla vakillari hamda Akademiya kursantlari ishtirok etdi.

Aksiya doirasida ariq va yo‘laklar chiqindilardan tozalanib, manzarali daraxt hamda gullarga ishlov berildi. Maktab hududi bo‘ylab 30 tup qrim sosnasi va 100 tup boshqa turdagi mevali-manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Yerga qadalgan bu nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zib, shahrimiz aholisi uchun musaffo havo va xushkayfiyat ulashishi tabiiy.

– Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan,  – deydi maktab direktori H.Raimbekova. – “Yashil makon” loyihasi mehr-oqibat, obodlik, bunyodkorlik kabi fazilatlarimizga hamohangligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ko‘magi bilan o‘quv maskanimizda ulkan hajmdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik harakatlari olib borilmoqda.  Yaxshi niyat bilan boshlangan ezgu ishga barcha katta ishtiyoq bilan yondashayapti.

Yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoygan daraxt ekish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech