O'z Ўз Ру En
×

Ta’lim muassasasi mustaqillik yillarida

1994 yil 2 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qa­rori bilan Ichki ishlar vazirligining Oliy va O‘rta maxsus maktablari negizi­da O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlari va bo‘­linmalari uchun yuqori malakali kadr­lar tayyorlashning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida Akademiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– ichki ishlar organlarining oliy boshliqlar tarkibini tayyorlash;

– tanlov asosida ikki bosqichda ichki ishlar organlarining oliy va o‘rta yuridik ma’lumotli boshliqlar tarkibini tay­yorlash;

– huquq-tartibotni muhofaza qilish muammolarini tadqiq etish;

– ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

O‘tgan yillar mobaynida Akademiya mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassa­salaridan biriga aylandi. Bunda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash­ga qodir, ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan, har tomonlama yetuk, bi­limli, jismonan chiniqqan, ruhan tetik, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi muno­sib kurasha oladigan kadrlar yetishtirish­ga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv dargohining moddiy-texnik bazasi davr talablari darajasida yana­da mustahkamlandi. Yangi o‘quv binola­ri qurildi, zamonaviy auditoriyalar, mutaxassislik kafedralari uchun max­sus kabinetlar, sport inshootlari va boshqa obyektlar barpo etildi, mav­judlari rekonstruksiya qilindi. O‘quv-ta’lim jarayoniga ilg‘or peda­gogik texnologiyalar joriy qilinib, o‘quv xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari jamoasining sa’y-harakatlari bilan nafaqat mutaxassislik, balki ijtimo­iy-gumanitar fanlardan ham yuzlab darslik, qo‘llanma va ma’ruzalar kurslari tayyorlandi.

Huquqshunoslik va boshqa fanlar­ning dolzarb muammolari tadqiq etilgan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ularning natijalari ichki ishlar organlari ama­liy faoliyatiga tatbiq etildi. Rivojlangan mamlakatlar oliy ta’lim muassa­salari bilan o‘zaro tajriba almashish va ilmiy-pedagogik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Mustaqillikka qadar ta’lim mu­assasasida 5 nafar fan doktori va 47 na­far fan nomzodi faoliyat yuritgan bo‘l­sa, keyingi yillarda Akademiyada ilmiy salohiyat ancha oshdi. Izchil islohotlar samarasi o‘laroq, ichki ishlar organlari uchun oliy ma’lumotli huquqshunos ka­drlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

General-mayor U.Tadjixanovdan so‘ng, Akademiyaga polkovnik X.Zokirov, general-mayor T.Mullajonov, polkov­nik A.Yakubov, polkovnik T.Saitbayev va boshqalar rahbarlik qilishdi. 2016 yil dekabr oyidan Akademiyaga ichki ishlar organlarida samarali faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha ulkan tajribaga ega general-leyte­nant B.A.Matlyubov boshchilik qilmoqda.

Bugungi tez o‘zgarayotgan davrda xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, jinoyatchi­lik va huquqbuzarliklarga qarshi kura­shish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalari o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar organlari ti­zimini tubdan isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri, shubhasiz, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyor­lash, qayta tayyorlash va malakasini oshi­rish faoliyatini takomillashtirishdir.

Shu jihatdan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tashrifi tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur tashrif davomida o‘quv dargohi­ning nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ti­zimini takomillashtirish, bir so‘z bi­lan aytganda, Akademiyani butunlay yangi o‘quv muassasasiga aylantirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Prezidentimizning «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qay­ta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish cho­ra-tadbirlari to‘g‘risida»gi (2017 yil 16 avgust) qarori sohaning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi. Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning tasarrufidagi ta’lim muassasa­lariga quyidagi sakkizta ustuvor yo‘na­lish bo‘yicha eng muhim masalalarni hal qilish asosida ichki ishlar organlari kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish vazifasi yuklatildi:

birinchidan — xodimlarni, shu jumladan ularni xizmat faoliyati­dan ajralmagan holda o‘qitish va maxsus kasbiy tayyorlash, majburiy qayta tayyor­lash va doimiy malakasini oshirib bo­rishning ichki ishlar organlari kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan sifat jihatdan yangi tizimini tashkil etish;

ikkinchidan — yoshlarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki kasbiy bilim, yuksak vatanpar­varlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlar­ni shakllantirishni nazarda tutadigan idoraviy oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tay­yorlash bo‘yicha samarali tartibni joriy etish;

uchinchidan — asosiy qismi soha­viy fanlarni o‘qitishdan tarkib topgan, shuningdek hududiy ichki ishlar organla­riga bevosita chiqishni va tergov-tezkor tadbirlarini o‘tkazishda ishtirok etish­ni nazarda tutgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etishni o‘z ichiga olgan yangilangan ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari­ni ishlab chiqish va kiritish;

to‘rtinchidan — ta’lim muassasa­lari professor-o‘qituvchilar tarkibi­ni malakali ilmiy-pedagogik, birinchi navbatda sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan jamlash, nazorat va huquqni muhofaza qilish or­ganlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

beshinchidan — o‘qitishning zamona­viy shakl va usullarini, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiya­larni, shu jumladan situatsion mashg‘ulot­larni, masofadan o‘qitish tizimini keng joriy etish, ta’lim oluvchilar va o‘qituv­chilarning global axborot-huquqiy va ta’­lim resurslaridan foydalanish imkoni­yatlarini ta’minlash;

oltinchidan — idoraviy ta’lim muassasalarida o‘qitish yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini amaliyot ehtiyo­jini hamda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va ji­noyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish istiq­bollarini inobatga olgan holda tizimli ravishda maqbullashtirish;

yettinchidan — ichki ishlar or­ganlari faoliyatida, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tez­kor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan mu­ammolar bo‘yicha fundamental va amaliyot­ga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘t­kazilishi samaradorligini oshirish;

sakkizinchidan — yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tay­yorlash bo‘yicha tajriba almashish, ham­korlikdagi ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar tarkibi­ni, xorijiy tillarni o‘qitishni nazarda tutgan holda, malakasini oshirish va sta­jirovkadan o‘tkazish orqali xalqaro ham­korlikni rivojlantirish.

Ichki ishlar organlari xodimlari­ni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka­sini oshirish uchun ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Akademiyada kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan, sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim tashkil etildi. Ta’limning sirtqi shakli joriy etilib, unda «Ji­noyatchilikning oldini olish va ularni fosh etish faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha «yurist» malakasini berish bel­gilandi. Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetida «Ichki ishlar organlari­da boshqaruv faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha «menejment» malakasi berili­shi yo‘lga qo‘yildi.

Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tashkil etilib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida ichki ishlar or­ganlarining serjant va ofitserlar tarki­bi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, shuningdek qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifalari belgilandi. Ta’­lim jarayonida mutaxassislik fanlarini ko‘paytirish, yangi ta’lim yo‘nalishlari­ni joriy etish, mutaxassislik kafedra­larining faoliyatini maqbullashtirish maqsadida kunduzgi ta’limda mutaxassis­lik kafedralari soni oltitaga yetkazildi.

Akademiya tuzilishi zamon talabla­ri asosida takomillashtirildi. Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasa­lariga o‘qishga qabul qilingan shaxslar­ning huquqiy maqomi mustahkamlanib, Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim mu­assasalarining kunduzgi ta’lim shakli­ga o‘qishga kirgan shaxslarga – kursant, Sirtqi ta’lim va Kasbiy tayyorgarlik hamda Rahbar kadrlarni tayyorlash fa­kultetlariga o‘qishga kirgan, shuningdek o‘quv markazlariga yuborilgan shaxslarga tinglovchi maqomlari beriladigan bo‘ldi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi, tadqiqotchilar va kursantlarni xori­jiy ilmiy-ma’rifiy tadbirlar va se­minar-treninglarda ishtirok etishga, tajriba almashishga, xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish va staji­rovka o‘tash uchun tayyorlash maqsadida Chet tillar markazi tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy tadqiqotlarni ja­dallashtirish, tizimli ravishda metodik va amaliy qo‘llanmalar, tavsiyalar ishlab chiqish, respublikada shov-shuvga sabab bo‘l­gan o‘ta murakkab jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ichki ishlar organla­riga ko‘maklashish maqsadida Ilmiy-ama­liy tadqiqotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakulteti tashkil etildi.

Hozirgi paytda Akademiyada yuridik fanlarning «12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxo­na huquqi», «12.00.08 – Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi» va «12.00.09 – Jinoyat protsessi. Krimi­nalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi» ixtisosliklari bo‘yicha il­miy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar samarali faoliyat yuritmoqda.

Yana bir yangilik, 2020/2021-o‘quv yi­lidan boshlab Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tar­tibini saqlash bo‘yicha yordamchilari tar­kibidan amalga oshirilishi belgilandi. Akademiyada o‘quv-tarbiya, ilmiy-tadqiqot jarayonlari va moddiy-texnika bazasi­ning huquqiy asoslarini takomillashti­rish bo‘yicha yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ishlab chiqildi va tas­diqlandi.

Kursantlarning o‘z ustida ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida Akademiyada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha elektron darsliklar yaratish tizimi yo‘l­ga qo‘yildi. Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoli­yatini chuqur o‘rganishga qaratilgan sayyor amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish uchun Akademiya kursantlari Toshkent shahri­ning barcha tumanlariga sektorlar kesi­mida ichki ishlar organlarining tayanch punktlariga biriktirildi. Mutaxassis­larni tayyorlashda amaliyot organlari­ning yuqori malakali mutaxassislari hamda mavjud moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida Tosh­kent shahar va tuman ichki ishlar organla­rida Akademiya mutaxassislik kafedra­larining 12 ta filiali tashkil etildi. 2017 yildan boshlab kursantlarning ama­liy bilim va ko‘nikmalarini mustahkam­lash, kelgusida xizmat faoliyatini olib boradigan hududning o‘ziga xos xususiyat­larini o‘rganish va jamoaga tez kirishib ketishlarini ta’minlash maqsadida ish o‘rganish amaliyoti hududiy ichki ishlar organlarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlar – mamlakatimiz tayanchi, ertangi kunimiz bunyodkorlari. Yosh xo­dimlar va kursantlar bilan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil hamda sama­rali amalga oshirish ishlari tizimli ravishda joriy etib kelinmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yoshlar it­tifoqining Akademiyadagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Akademiyada yetakchi xorijiy mam­lakatlar politsiya ta’limi tajriba­larini chuqur o‘rganish va ular bilan hamkorlik qilish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ana shu maqsadda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tash­kiloti hamda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Belarus Respublikasi va boshqa davlatlarning ta’lim muassasa­lari bilan kadrlar tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish borasida izchil ham­korlik o‘rnatilgan.

Hozirgi paytda Akademiyada O‘zbe­kiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi ke­lishuv asosida Situatsion poligon hamda Modulyatsiya va simulyatsiya markazini o‘z ichiga olgan inshoot barpo etilmoqda. Mazkur inshootning vazifasi Akade­miya tinglovchi va kursantlariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha chuqur amaliy ta’limni shakllantirish hamda kelajak­da o‘z xizmat vazifalarini muvaffaqiyat­li bajarishga imkon beradigan kasbga oid malaka va ko‘nikmalarni hosil qilishdan iborat. E’tiborli jihati shundaki, in­shoot foydalanishga topshirilgach, Mar­kaziy Osiyoda shu kabi o‘quv obyektining yirik va yagona markaziga aylanadi.

Muxtasar qilib aytganda, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida malaka­li kadrlar tayyorlash jarayoni izchil is­lohotlar asosida davom ettirilmoqda. Bu esa yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikr­laydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqbo­li uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir oliy malakali mutaxassis kadrlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech