O'z Ўз Ру En
×

Maqom, vazifalar, funksiyalar

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Ustavi
 

1-§. Umumiy qoidalar

 

        1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (bundan buyon matnda – Akademiya deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 2 sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi 447-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiradi.

         Akademiya ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

        Akademiya oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv kurslari doirasida ta’lim jarayonini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv–uslubiy, ilmiy–pedagogik, ilmiy–tadqiqot, ma’naviy–ma’rifiy va tarbiyaviy faoliyatini amalga oshiradi.

        Akademiya tezkor vaziyat keskinlashganda Toshkent shahri va uning atrofi bo‘yicha mudofaa makonini himoya qilish rejasi doirasida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, tezkor xizmat vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining zaxirasidagi tezkor-o‘quv bo‘linmasi hisoblanadi.

 

        2. Akademiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuni va boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining idoraviy hujjatlari  hamda ushbu Ustavga amal qiladi.

 

        3. Akademiya yuridik shaxs hisoblanib, operativ boshqaruvida o‘ziga xos maxsus mol-mulkka ega va ushbu mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirish, zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

        Akademiya o‘zining mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida hisob-raqamiga, respublika banklarida xorijiy valutadagi hisob-raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhr, shtamplar va boshqa rekvizitlar ega.

 

        4. Akademiyaning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi rasmiy to‘liq nomi:

        o‘zbek tili, kiril alifbosida – «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi»;

        o‘zbek tili, lotin alifbosida – «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi»;

        rus tilida – «Akademiya Ministerstva vnutrennix del Respubliki Uzbekistan»;

        ingliz tilida – «The Academy of the Ministry of Internal Affairs of the Republic of Uzbekistan».

 

        5. Akademiyaning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Intizor ko‘chasi, 68-uy, 100197.

 

2-§. Akademiyaning asosiy maqsadi va vazifalari

 

        6. Akademiyaning asosiy maqsadi ichki ishlar organlari uchun zarur bilim, amaliy ko‘nikma va yetuk malakaga ega oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolarga oid fundamental va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan iborat.  

 

        7. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

        ichki ishlar organlari uchun yetuk kasbiy tayyorgarlikka, zarur bilim va ko‘nimalarga ega bo‘lgan, yuqori malakali mutaxassis, oliy ma’lumotli huquqshunos kadrlarni tayyorlash;

        ichki ishlar organlari xodimlarining uzluksiz ta’lim tizimida samarali qayta tayyorgarlikdan o‘tishi va malakasi oshirilishini ta’minlash;

        kursant va tinglovchilarni yuksak darajadagi vatanparvarlik, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni fidoyi, xalq va jamiyat oldidagi o‘z mas’uliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, Vatanimiz kelajagi uchun vijdonan va halol mehnat qiluvchi xodim sifatida shakllantirish;

        kursant va tinglovchilarda rahbarlik (etakchilik) xislatlarini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini vijdonan bajarishga imkon beruvchi jamoani boshqarish, sog‘lom ahloqiy muhit yaratish ko‘nikmalari va mahoratini hosil qilish;

        o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan situatsion mashg‘ulotlarni, masofadan o‘qitish tizimini keng joriy etish, ta’lim oluvchilar va o‘qituvchilarga global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;

        o‘qitish yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini amaliyot ehtiyojini hamda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish istiqbollarini inobatga olgan holda tizimli ravishda maqbullashtirish;

        ichki ishlar organlari faoliyatida, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolarga oid fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

        mintaqadagi kriminogen vaziyatni, mamlakatdagi ijtimoiy xavfsizlikka tahdidlarni chuqur tahlil qilish asosida o‘quv, maxsus va metodik adabiyotlar tayyorlash;

        huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolarga oid fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar asosida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va joriy etish;

        ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi, fuqarolar va aholining ijtimoiy tuzilmalari o‘rtasida huquqiy va ilmiy bilimlarni targ‘ib qilish;

        professor-o‘qituvchilar tarkibini malakali ilmiy-pedagogik, birinchi navbatda sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan jamlash, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

        ilmiy-pedagog kadrlarning kasb mahorati va ilmiy salohiyatini oshirish;

        yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar tarkibini, xorijiy tillarni o‘qitishni nazarda tutgan holda, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

        moddiy-texnik bazani zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq yaxshilash va yangilab borish.

 

3-§. Ta’lim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot ishlarning subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari

 

        8. Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga kirgan shaxslar – kursantlar qatoriga, sirtqi ta’lim shakliga, kasbiy tayyorgarlik fakultetiga, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)ga o‘qishga kirgan shaxslar esa – tinglovchilar qatoriga qabul qilinadi.

 

        9. Akademiyaga o‘qishga qabul qilish uchun tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek ichki ishlar organlarining harbiy xizmatchilari va xodimlari nomzodlarni tanlash tartibi va o‘qishga qabul qilish qoidalariga muvofiq qabul qilinadi.

        Akademiyada chet el fuqarolari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘qishi mumkin.

        Kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingan kursantlar o‘qishning birinchi bosqichida ichki ishlar organi xodimining qasamyodini qabul qiladi. Kursantlar o‘quv muddatining birinchi bosqichini tugallaganidan keyin muddatli harbiy xizmatni o‘tagan hisoblanadilar va ularga mudofaa ishlari bo‘yicha hududiy bo‘lim tomonidan harbiy guvohnoma beriladi.

        Akademiya boshqa vazirliklar va idoralar xodimlarini shartnoma asosida o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari bo‘yicha faoliyat yuritishi mumkin.

 

        10. Kursantlar va tinglovchilar quyidagi huquqlarga ega:

        fan, texnika va madaniyatning zamonaviy taraqqiyoti darajasiga mos keluvchi bilimlar olish;

        Akademiyaning muhim masalalarini muhokama etish va hal qilishda qatnashish;

        Axborot resurs markazidan, tibbiy, kiyim-kechak va boshqa tuzilmalar (poligon, laboratoriya, o‘quv-metodik xonalar, auditoriyalar, o‘quv va yordamchi binolar, sport inshootlari) xizmatidan bepul foydalanish;

        ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha turlari, konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etish, o‘z ishlarini o‘rnatilgan tartibda ommaviy axborot vositalariga chop etishga taqdim qilish;

        Akademiya jamoasining ijtimoiy hayotida, sport seksiyalari, ilmiy va badiiy havaskorlik to‘garaklarining ishlarida ishtirok etish;

        Akademiyada faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lish va ularning ishida qatnashish;

        bitiruv malakaviy va kurs ishlarini tayyorlash uchun materiallar to‘plash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy konferensiyalar va sport musobaqalarida ishtirok etish uchun belgilangan tartibda xizmat safarlariga chiqish;

        Akademiya rahbariyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish.

        Kursant va tinglovchilar sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan qonun hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.

        Kursant va tinglovchilar o‘z huquqlarini suiiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.

 

        11. Kursantlar va tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan barcha turdagi ta’minotlarni olish huquqiga ega.

        Kursantlar va tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq sanitariya normalari va qoidalariga javob beradigan yashash joylari bilan ta’minlanadilar.

        Kursantlar va tinglovchilarga ichki ishlar organlarining tibbiy muassasalari, shuningdek faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiruvchi boshqa davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bepul tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy ta’minot beriladi hamda tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.

        O‘qitishning ishlabchiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan tinglovchi va kursantlar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.

        Kursantlar tegishli qonun hujjatlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri stipendiyasini olish huquqiga egadirlar.

 

        12. Kursantlar va tinglovchilarning o‘qishini ko‘chirish, o‘qishga qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining idoraviy hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

        Kursantlar va tinglovchilar ichki ishlar organlarida xizmatda deb hisoblanadi, chet el fuqarolari bundan mustasno.

 

        13. Kursantlar va tinglovchilar quyidagilarga majburdir:

        davlat ta’lim standartlari asosida fanlarni o‘zlashtirish, o‘quv rejasi hamda dasturlarida ko‘zda tutilgan barcha turdagi topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish;

        O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda mazkur Ustav talablariga qat’iy rioya qilish;

        davlat va xizmat sirlarini saqlash;

        o‘rnatilgan kun tartibi, o‘quv va xizmat intizomiga qat’iy rioya etish;

        aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishda ishtirok etish;

        axloq-odob qoidalariga rioya qilish, rostgo‘y bo‘lish, amalparastlik, ig‘vo, tuhmat, hasadgo‘ylik, tamagirlik, maishiy buzuqlik kabi illatlardan xoli bo‘lish;

        jamoat tartibini saqlash uchun jalb etilganda ichki ishlar organlari xodimi degan yuksak nomni asrab-avaylash, uni obro‘sini yanada yuksaltirish choralarini ko‘rish;

        jamoat tartibini saqlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini jinoyatkorona tajovuzlar va boshqa ijtimoiy xavfli hodisalardan himoya qilishda xizmatni hushyorlik va fidoyilik bilan o‘tash;

        o‘ziga biriktirilgan qurol, maxsus himoya vositalari, Akademiyaning mulkini, o‘quv-texnika vositalari va jihozlarni asrash.

 

        14. Ushbu Ustav va Akademiyaning ichki tartib-qoidalarida belgilangan majburiyatlarni buzgan taqdirda, kursant yoki tinglovchiga o‘rnatilgan tartibda intizomiy jazo qo‘llanishi yoki o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.

 

        15. Malaka oshirish, rahbar kadrlar tayyorlash, kasbiy tayyorgarlik va sirtqi ta’lim fakultetlarining maqsad va vazifalari, tashkiliy tuzilishi, unga tinglovchilarni qabul qilish tartibi, tinglovchilarning ta’minoti Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.

 

        16. Akademiyaning Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetida tayanch doktorantura, doktorantura yoki mustaqil izlanuvchilik shakllaridagi oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim amalga oshiriladi.

        Falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) va fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalari izlanuvchilari Akademiyaning Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetining doktoranti yoki mustaqil izlanuvchilari hisoblanadilar.

        Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetining tayanch doktorantura yoki doktoranturasiga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs doktorant hisoblanadi.

        Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetiga ishlabchiqarishdan ajralmagan holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs mustaqil izlanuvchi hisoblanadi.

 

        17. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetiga qabul qilish, oliy ta’lim muassasasiga mustaqil izlanuvchilarni biriktirish, shuningdek doktorant va mustaqil izlanuvchilar dissertatsiya ustida ishlayotganliklari uchun imtiyozlar berish tartibi, ularning huquq va majburiyatlari tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.

 

        18. Akademiyada professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, saf qismi xodimlari, o‘quv ishlari bo‘yicha yordamchilar, muhandis-texniklar, ma’muriy-xo‘jalik ishlari, ishlabchiqarish va boshqa lavozimlarda xodimlar faoliyat yuritishi mumkin.

        Professor-o‘qituvchilar tarkibiga fakultet, kafedra, sikllar boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, professor, dotsent, katta o‘qituvchi (katta o‘qituvchi-metodist), o‘qituvchi (o‘qituvchi-metodist) lavozimlari kiradi.

 

        19. Akademiya xodimlarini lavozimga tayinlash va undan bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonuni va ichki ishlar organlarida xizmat o‘tashni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda mehnatga oid qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

        Akademiyaga xizmatda bo‘lishning eng yuqori yoshiga to‘lgan paytida ko‘p yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘ladigan o‘ttiz yoshdan katta ilmiy darajaga ega fuqarolar qabul qilinishi mumkin.

        Ichki ishlar organlarining yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega bo‘lgan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra xizmatni o‘tashga yaroqli xodimlariga ularning xizmat muddati o‘zining roziligi bilan, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda besh yilgacha, professor-o‘qituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega bo‘lgan boshliqlar tarkibidagi shaxslarga esa o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.

 

        20. Professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga egadirlar:

        Akademiya faoliyatiga doir masalalarni muhokama etishda ishtirok etish;

        Axborot resurs markazi, axborot-ta’lim portali, o‘quv, ilmiy, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa tarkibiy bo‘linmalarning xizmatlaridan foydalanish;

        o‘qitish metodlari va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy tadqiqotlar olib borish;

        Akademiya rahbariyatining buyruq va ko‘rsatmalari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish;

        o‘z fani bo‘yicha sifatli darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash;

        nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;

        kursantlar va tinglovchilarning ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

        grantlar, ilmiy loyihalarda ishtirok etish;

        o‘z kasbiy faoliyatining tashkiliy va moddiy-texnikaviy ta’minotiga ega bo‘lish;

        O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.

 

        21. Professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

        oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim o‘quv fanlarining mazmunini davlat ta’lim standartlariga muvofiq belgilash;

        pedagogik va ilmiy jarayonlarning yuqori samaradorligini ta’minlash;

        ichki mehnat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilish;

        o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o‘qituvchilik sha’niga dog‘ tushirmaslik;

        ushbu Ustavga rioya qilish;

        kursantlar va tinglovchilar bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarda bevosita ishtirok etish;

        ta’lim olayotganlarda ichki ishlar organlari mutaxassisi uchun zarur bo‘lgan kasbiy xislatlar, zamonaviy rivojlanish va demokratiya sharoitlarida mehnat qilish va yashash qobiliyatlarini shakllantirish;

        kursantlar va tinglovchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik va ijodiy yondashuv qobiliyatlarini shakllantirish;

        o‘z malakasini oshirish borasida muntazam shug‘ullanish;

        ichki ishlar organlari xodimlari va aholi o‘rtasida huquqiy, gumanitar va boshqa ilmiy bilimlarni targ‘ib qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda faol ishtirok etish;

        o‘z jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuqori darajada saqlash, zimmasiga qo‘yilgan vazifalarni tezkor xizmat topshiriqlarini samarali bajarishga tayyor turish;

        chet tili va axborot texnologiyalaridan foydalanish savodxonligini oshirib borish;

        respublikadagi hamda xorijdagi yetakchi turdosh oliy o‘quv yurtlaridagi ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan muntazam ravishda tanishib borish va orttirilgan tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish;

        «Ustoz-shogird» tizimida ishtirok etib, o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;

        o‘zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;

        qiyinish madaniyatiga rioya etish;

        respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;

        muassasa, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;

        o‘zi o‘qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;

        darslarni yuqori saviyada o‘tish;

        fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan tinglovchi va kursantlarni tanishtirib borish;

        reyting tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;

        kursant va tinglovchilar bilimini xolisona baholash;

        yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash;

        ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;

        kursant va tinglovchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

        ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish.

        Qonunchilikda nazarda tutilgan holatlardan tashqari, o‘qituvchilarni kasbiy majburiyatlarini bajarishdan o‘zga ishlarga jalb etish man etiladi.

        Professor-o‘qituvchilarga ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

 

        22. Xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuni hamda Ichki ishlar vazirligining idoraviy hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi.

 

        23. Kamida uch yilda bir marta professor-o‘qituvchilar tarkibiga malaka oshirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

 

        24. Ma’muriy-xo‘jalik, muhandislik-texnika, o‘quv-yordamchi va boshqa xodimlarning huquq va majburiyatlari Akademiyaning ichki tartib-qoidalari va xizmat vazifalari bilan belgilanadi.

 

        25. Akademiya doimiy tarkib xodimlari ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshishi mumkin emas.

        Zarur bo‘lgan hollarda, Akademiya shaxsiy tarkibi xizmatni o‘tashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi mumkin.

        Kuchaytirilgan rejim shaxsiy tarkib uchun kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to‘rt soatdan oshmaydigan ish belgilanishini nazarda tutadi.

        Sutkalik rejim shaxsiy tarkib uchun xizmatni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga umumqo‘shin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogini kompensatsiya qilish o‘rniga xizmatni o‘tash joyida uch mahal bepul ovqatlangan holda sutkalik o‘tash belgilanishini nazarda tutadi.

 

4-§. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-uslubiy ishlar

 

        26. Akademiya oliy ta’lim doirasida kunduzgi ta’lim shaklida quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi:

        tergov faoliyati;

        tezkor-qidiruv faoliyati;

        huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati;

        ekspert-kriminalistik faoliyat;

        yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyati;

        xizmat faoliyatini psixologik ta’minlash.

 

        27. Ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgandan so‘ng tasdiqlanadigan o‘quv rejasi va dasturlar asosida tashkil etiladi.

        Kursantlarga kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishlari uchun o‘quv jarayonini maqsadli tashkil etish, o‘qitish shakllari, metodlari va vositalarini tanlash orqali zarur sharoit yaratib beradi.

 

        28. Akademiyada o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari joriy etiladi:

        ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot, mustaqil ta’lim, konsultatsiya, malakaviy amaliyot (stajirovka), kurs ishi, nazorat ishi, bitiruv malakaviy (ilmiy-tadqiqot) ishini tayyorlash, mustaqil ish.

        Barcha turdagi auditoriya mashg‘ulotlarining davomiyligi – 80 minut (ikki akademik soat) qilib belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasida tanaffus e’lon qilinadi.

        Ta’lim-tarbiya jarayoni o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.

 

        29. O‘quv yili davomiyligi o‘quv rejasiga binoan belgilanadi, har bir fan bo‘yicha kursantlarning o‘zlashtirishi reyting tizimi asosida aniqlanadi.

        Kursantlarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ta’til beriladi.

        Bilimlarni to‘liq o‘zlashtirgan kursantlarni kursdan kursga ko‘chirish Akademiya O‘quv jarayonini tashkil etish va muvofiqlashtirish boshqarmasining taqdimnomasi bo‘yicha Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.  

        Shartli ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

        Oliy ta’lim dasturlarini egallash bitiruvchilarning Yakuniy Davlat attestatsiyasi bilan tugallanadi.

 

        30. Akademiya oliy ta’lim doirasida sirtqi ta’lim shaklida jinoyatlarni oldini olish va fosh etish faoliyati mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi.

 

        31. Akademiya rahbar kadrlar tayyorlash fakultetida ichki ishlar organlarining boshqaruv faoliyati mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi.

 

        32. Ichki ishlar organlarining ofitserlar tarkibi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Akademiya malaka oshirish fakultetida amalga oshiriladi.

 

        33. Ichki ishlar organlarining serjant va ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, shuningdek serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetida amalga oshiriladi.

        Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetida quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi:

        profilaktik faoliyati;

        yo‘l-patrul faoliyati;

        migratsiyani va fuqarolikni rasmiylashtirishni ta’minlash faoliyati;

        patrul-post faoliyati;

        qo‘riqlash faoliyati;

        jazoni ijro etish faoliyati;

        ma’muriy faoliyatni ta’minlash.

 

        34. Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassisliklar ro‘yxati belgilangan tartibda kengaytirilishi mumkin.

 

        35. Akademiyada ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, ta’lim berishning modul tizimini joriy etish, o‘quv jarayonining ichki ishlar organlarining amaliy faoliyati bilan bog‘liqlikni kuchaytirish hisobiga mutaxassislar tayyorlashning sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi.

 

        36. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetida quyidagi ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishlari amalga oshiriladi:

        12.00.01 – Davlat va huquq nazariyasi va tarixi; huquqiy ta’limotlar tarixi;

        12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq; ma’muriy huquq; moliyaviy huquq va bojxona huquqi;

        12.00.03 – Fuqarolik huquqi; tadbirkorlik huquqi; oila huquqi; xalqaro xususiy huquq;

        12.00.08 – Jinoyat huquqi; huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminologiya; jinoyat-ijroiya huquqi;

        12.00.09 – Jinoyat protsessi; kriminalistika; tezkor-qidiruv huquqi; sud ekspertizasi.

        Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim fakultetida ehtiyoj bo‘lganda boshqa ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha ham oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishlari amalga oshirilishi mumkin.

        Akademiyada o‘rnatilgan tartibda tegishli ixtisosliklar bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha ochiq (yopiq) ilmiy kengashlar tashkil etilishi mumkin.

 

        37. Akademiya ilmiy tadqiqot ishlari rejasiga ko‘ra kursant, tinglovchi, doktorant, mustaqil izlanuvchilarni keng jalb qilgan holda maqsadli ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi.

 

        38. Ilmiy tadqiqotlar fan, texnika va madaniyatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental, amaliy innovatsion tadqiqotlarini amalga oshirish uchun ajratilgan davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

 

5-§. Akademiyaning tarkibi

 

        39. Akademiya tashkiliy jihatdan rahbariyat, o‘quv-ilmiy, tashkiliy-inspektorlik, kadrlar, tarbiyaviy ishlar, moliya, qurol-aslaha, ta’minot bo‘limlaridan, fakultetlar, kafedralar, saf bo‘linmalari va boshqa o‘quv-yordamchi hamda xo‘jalik bo‘linmalaridan iborat bo‘lishi mumkin.

 

6-§. Akademiyani boshqarish

 

        40. Akademiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Akademiya boshlig‘i rahbarlik qiladi.

        Akademiya boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan tayinlanadi.

 

        41. Akademiya boshlig‘i Akademiya faoliyatining natijalari uchun to‘liq javobgardir. U O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Akademiya nomidan ish ko‘radi, uni barcha organ, muassasa va tashkilotlarga taqdim qiladi, Akademiyaning mol-mulkini to‘g‘ri sarflanishini nazorat qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bankda Akademiyaning hisob raqamini ochadi, kreditlarni nazorat qiladi.

        Akademiya boshlig‘i o‘z vakolati doirasida:

        ta’lim oluvchilar va barcha xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruq va ko‘rsatmalar beradi;

        o‘z o‘rinbosarlarining aniq vazifalari va majburiyatlarini belgilab beradi;

        O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;

        Akademiya tarkibiga kiruvchi tarkibiy tuzilmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

        Ilmiy kengash faoliyatiga raislik qiladi;

        xodimlarning oylik maoshlariga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilaydi;

        ichki ish tartibi va qoidalarini tasdiqlaydi;

        o‘rnatilgan tartibda safdorlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga maxsus unvonlar beradi;

        berilgan shtatlar soni ko‘lamida professor-o‘qituvchilar tarkibini va o‘quv-yordamchi xodimlarni kafedralar o‘rtasida taqsimlaydi va qayta taqsimlaydi;

        tasdiqlangan shtatlar soni va budjet mablag‘lari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Akademiya tuzilishini shakllantiradi.

        Akademiya boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

 

        42. Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlanadi. Akademiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining xizmat vazifalarini Akademiya boshlig‘i tasdiqlaydi.

 

        43. Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2003 yil 9 fevraldagi 9-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 1222, 2003 yil 22 fevral) muvofiq, faoliyatning asosiy masalalarini ko‘rib chiqish uchun Ilmiy kengash tashkil qilinadi.

        Ilmiy kengash Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan tuziladi. Uning tarkibiga Akademiya boshlig‘i, Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari, fakultet, kurs, kafedra, bo‘lim, xizmat boshliqlari, yetakchi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, jamoat birlashmalarining vakillari kiradi.

        Ilmiy kengash tarkibiga o‘zgartirishlar Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan kiritiladi.

        Ilmiy kotib tomonidan, Kengash raisining ko‘rsatmasiga binoan, majlisda muhokama qilinadigan masalalarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda, Ilmiy kengash a’zosi bo‘lmagan xodimlar ham Kengash yig‘ilishida ishtirok etish uchun taklif qilinishi mumkin.

        Ilmiy kengash faoliyati Akademiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.

 

        44. Akademiyada qonun hujjatlariga muvofiq, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, doktorantlar, kursant va tinglovchilar, o‘quv-tarbiyaviy, ma’muriy-xo‘jalik xodimlarini birlashtiruvchi ilmiy, sport va boshqa turdagi jamoat birlashmalari tuzilishi mumkin.

        Jamoat birlashmalarining takliflari Akademiya rahbariyati va Ilmiy kengashida ko‘rib chiqiladi.

 

        45. Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlangan Kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshlig‘i rahbarlik qiladi.

 

        46. Akademiya rahbar kadrlar tayyorlash fakultetiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlangan Rahbar kadrlar tayyorlash fakulteti boshlig‘i rahbarlik qiladi.

 

        47. Akademiya sirtqi ta’lim fakultetiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda Akademiya boshlig‘i tayinlagan Sirtqi ta’lim fakulteti boshlig‘i rahbarlik qiladi.

 

        48. Akademiya malaka oshirish fakultetiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda Akademiya boshlig‘i tayinlagan Malaka oshirish fakulteti boshlig‘i rahbarlik qiladi.

 

        49. Kafedraga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda Akademiya boshlig‘i tayinlagan kafedra boshlig‘i rahbarlik qiladi.

 

        50. Siklga Akademiya boshlig‘i tayinlagan sikl boshlig‘i rahbarlik qiladi.

   
        51. Kafedra, sikl boshlig‘ining vazifalari va ulardagi professor-o‘qituvchilarning faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Ichki ishlar vazirliklarining normativ-huquqiy hujjatlari bilan belgilanadi.

 

7-§. Moliya-xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik baza

 

        52. Ushbu Ustavda ko‘zda tutilgan faoliyatni ta’minlash maqsadida, davlat tomonidan operativ boshqaruv huquqida Akademiyaga binolar, inshootlar, xo‘jalik majmualari, jihozlar hamda boshqa zarur iste’mol, ijtimoiy va boshqa turdagi mol-mulklar biriktiriladi.

        Akademiya davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan obyektlar sirasiga kiradi. Akademiyaga ajratilgan yer hududlari muddatsiz va bepul foydalanish uchun biriktirilgan.

 

        53. Akademiyaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hadya sifatida yoki vasiyat bilan berilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va boshqa mulkiy obyektlarga, o‘z faoliyatining aqliy va ijodiy mehnat mahsuliga hamda o‘z faoliyatidan orttirgan foydasi va shu foyda hisobiga sotib olingan mulkiy obyektlarga egalik qilish huquqi berilgan.

 

        54. Akademiya ijarachi va mol-mulkini ijaraga beruvchi sifatida huquqiy munosabatga kirishishga haqlidir. Akademiya mulkini ijaraga berish O‘zbekiston Respublikasining davlat mulkini ijaraga berish to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

        55. Akademiyaning ta’lim faoliyatini moliyalashtirish, mutaxassislarni davlat grantlari asosida tayyorlash, ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish belgilangan me’yordan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjeti hamda budjetdan tashqari, shu jumladan, o‘rnatilgan tartibda to‘lov-kontrakt asosida tinglovchilarni o‘qitish evaziga olingan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

 

        56. Ta’lim va boshqa sohalarda, agar u Akademiyaning asosiy faoliyatiga zarar yetkazmasa, pulli xizmat ko‘rsatishi mumkin. Akademiya olib borayotgan tadbirkorlik faoliyati uning Ustavidagi vazifalariga mos kelishi kerak.

        Akademiya xususiy mulki bilan xo‘jalik jamiyatlari va birlashmalarining jamg‘armalarida ishtirok etish, pulli ta’lim, maslahatlar berish va boshqa xizmatlar bahosini belgilash, olingan foydaning soliqlardan va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiy to‘lovlardan qolgan qismiga mustaqil egalik qilish huquqiga ega.

        Akademiyaning pulli ta’lim xizmati budjet hisobiga moliyalashtiriluvchi ta’lim faoliyati o‘rniga yoki uning doirasida amalga oshirilishi mumkin emas.

        Akademiya O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga zid kelmaydigan shartnomalarni tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash masalalarini mustaqil ravishda hal etadi.

 

        57. Akademiyada qonunda o‘rnatilgan tartibda, budjetdan tashqari mablag‘lar, mehnatga haq to‘lash fondi va boshqa manbalar hisobiga ta’limni rivojlantirish, malakali o‘qituvchilarni tayyorlash, xodimlarini hamda tinglovchi-kursantlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin.

 

        58. Akademiya xodimlarining lavozim maoshlari Ichki ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari asosida belgilanadi. Budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan beriladigan qo‘shimcha haq, qo‘shimcha ustama haq va boshqa moddiy rag‘batlantirishlar miqdorini Akademiya mustaqil ravishda belgilaydi, budjet hisobidan amalga oshiriladiganlari esa mehnatga haq to‘lash fondi doirasida, qonunda belgilangan miqdorda o‘rnatiladi.

 

8-§. Xalqaro hamkorlik

 

        59. Akademiyaning xalqaro hamkorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo, hukumatlarlaro, idoralararo shartnomalari, Akademiyaning xorijiy tashkilotlar bilan tuzgan bitimlari asosida amalga oshiriladi.

        Akademiyaning xalqaro hamkorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

 

9-§. Yakunlovchi qoidalar

 

        60. Ushbu Ustavga o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan kiritiladi.

 

        61. Akademiyani qayta tashkil qilish yoki tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech