Akademiya Kengashi doimiy asosda faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari hamda mazkur Nizom asosida faoliyat yuritadi.
Kengash o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik, erkin fikr, kollegiallik va yakkaboshchilikning uyg‘unligi, jamoa fikrini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Kengashning maqsadi Akademiya jamoasi sa’y-harakatlari, intellektual salohiyati va boshqa barcha imkoniyatlarini ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamda Akademiyaning ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyatiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash, oliy ta’limning davlat ta’lim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka, ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yetuk professional kadrlar tayyorlashga yo‘naltirishdan iborat.
Quyidagilar kengashning vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni Akademiya faoliyatiga tatbiq etish;
zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda ilg‘or mahalliy va xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga joriy etish;
o‘quv dasturlarini tasdiqlash, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ijrosini tashkil etish va nazorat qilish;
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;
mutaxassislik va tanlov fanlari bo‘yicha tayyorlangan darslik, o‘quv qo‘llanma hamda monografiya qo‘lyozmalarini nashr etishga tavsiya etish;
kitobxonlik madaniyatini oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish, fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash choralarini belgilash;
Akademiyaning xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini rivojlantirish;
o‘z xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib, namuna ko‘rsatib xizmat qilayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarni rag‘batlantirish;
odob-axloq qoidalarini, xizmat intizomini buzganligi, o‘quv dasturini o‘zlashtira olmaganligi uchun kursant (tinglovchi)ni kursant (tinglovchi)lar safidan chetlatish masalasini ko‘rib chiqish.
Akademiya boshlig‘i va o‘rinbosarlari, fakultet, kafedra, bo‘lim, xizmat boshliqlari lavozimiga ko‘ra kengash tarkibiga kiradi. Mazkur lavozimdagi rahbarlar boshqa ishga o‘tgan taqdirda, ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki ularning o‘rnini bosadigan xodimlar kengash tarkibiga kiritiladi.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari hamda ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ko‘ra kengash raisining o‘rinbosarlari hisoblanadi. Kengash raisi bo‘lmaganida kengash majlisini uning o‘rinbosarlaridan biri o‘tkazadi. Kengash ilmiy kotibi Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan lavozimiga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Qoida tariqasida ilmiy darajaga hamda kamida besh yil ilmiy va ilmiy-pedagogik tajribaga ega bo‘lgan, shahodatlangan xodimlar ilmiy kotib lavozimiga tayinlanishi mumkin.