O'z Ўз Ру En
×

Kunduzgi ta’lim

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI ISHLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASINING KUNDUZGI TA’LIMIGA O‘QISHGA

QABUL QILISH TARTIBI

 

 

 

Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim shaklida mazkur vazirlik qoshidagi akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek o‘rta, o‘rta-maxsus va kasb-hunar ma’lumotiga ega ichki ishlar organlari xodimlari hamda harbiy xizmatchilar ta’lim olish huquqiga ega.

 

Qabul jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari bitiruvchilari uchun – ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;
harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun – (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;
ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilar uchun – ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.
 

Nomzodlar uchun talablar:

nomzodning yoshi o‘n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmasligi (shu jumladan yigirma besh yoshdagi) kerak;
nomzodning bo‘yi yigitlar uchun 165 sm., qizlar uchun 160 sm.dan past bo‘lmasligi kerak.
 

Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida uch bosqichda tashkil etiladi.

Dastlabki tanlov
Mazkur bosqchi hududiy jamlovchi ichki ishlar organlarida amalga oshiriladi. Bunda nomzodga tegishli tegishli hujjatlar, tavsiflovchi ma’lumotlar to‘planadi. Nomzodning oilaviy ahvoli, ota-onasi va yaqin qarindoshlarining ichki ishlar organlaridagi xizmatga munosabati, sog‘ligining yaroqliligi va boshqalar aniqlanadi.

Maxsus kasbiy tanlov
Mazkur bosqich Ichki ishlar vazirligi akademiyasida amalga oshiriladi. Bunda nomzod haqida jamlovchi ichki ishlar organlaridan kelib tushgan hujjatlar o‘rganiladi. Nomzod tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, psixofiziologik o‘rganish, yozma ish (bayon yoki insho), umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash sinovlarini topshiradi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat
 Mazkur bosqichda nomzod huquqshunoslik, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, ma’naviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi, asosiy tushuncha va tamoyillar fanlari bo‘yicha yakka tartibdagi suhbatdan o‘tadi.

 

Bilishingiz kerak!
Maxsus kasbiy tanlovning psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajalarini baholash bo‘yicha sinovlaridan to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball to‘plagan nomzod qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yilmaydi.

Nomzod sinovlarni o‘zbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshirishi mumkin.

 

Nomzodlar uchun imtiyozlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 610-sonli qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega nomzodga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball berilib, chet tili fanidan o‘tkaziladigan sinovdan ozod etiladi.
Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining taqdimnomasi asosida, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining hamda Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining farzandlari Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga o‘tkaziladigan qabul davomida ular uchun alohida ajratilgan kvotalar doirasida tanlovda qatnashadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil
5 fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari Qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra, Akademiyaga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi.
 

Qabul komissiyasi tomonidan maxsus kasbiy tanlov natijalari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat bo‘yicha nomzodni Akademiyaga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi. Nomzodlar belgilangan kvota asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Eslatma: Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’limida o‘qish istagida bo‘lgan nomzodning ariza (bildirgi)si har yilining 15 noyabridan kelgusi yilning 15 fevraliga qadar qabul qilinadi.

 

 

Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Kadrlar bo‘limi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech