Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatiga Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari hamda profilaktika inspektorlarining yordamchilari qabul qilinadi.
O‘qishga qabul qilish ichki ishlar vazirining o‘rinbosari raisligida tashkil etiladigan maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida yakka tartibdagi suhbat orqali amalga oshiriladi. Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilari Akademiyaga faqat maxsus kasbiy tanlov orqali o‘qishga qabul qilinishi belgilangan (huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan bo‘ladigan yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan ozod etiladi).
Kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarga kursant maqomi berilib, ular birinchi kursdan boshlab mutaxassislik va yuridik fanlar, jangovar hamda jismoniy chiniqish ko‘nikmalarini mukammal egallashga yo‘naltiriladi.
Kunduzgi ta’limda quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha ta’lim beriladi:
tergov faoliyati;
tezkor-qidiruv faoliyati;
huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati;
ekspert-kriminalistika faoliyati;
jinoiy jazolarni ijro etish;
xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash;
tashkiliy-shtab faoliyati.
Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatida o‘qish muddati 3 (uch) yil bo‘lib, bitiruvchilarga oliy ma’lumot (“yurist” malakasi) hamda “leytenant” (yoki “katta leytenant”) maxsus unvoni beriladi.