1932-yil Toshkentda o‘rta maxsus militsiya maktabi tashkil etildi.
1958-yil RSFSR Jamoat tartibini saqlash vazirligiga qarashli Moskva oliy maktabi Sirtqi ta’lim fakultetining Toshkent bo‘limi faoliyat boshladi.
1964-yil sirtqi bo‘lim fakultet maqomini olib, unda uchta kafedra (maxsus, yuridik va ijtimoiy fanlar) hamda kechki bo‘lim tashkil etildi.
1967-yil fakultet negizida sobiq ittifoq Jamoat tartibini saqlash vazirligining Toshkent oliy militsiya maktabi tashkil etildi.
1991-yil 25-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Ichki ishlar vazirligi tashkil etilib, Toshkent o‘rta maxsus hamda oliy militsiya maktablari vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi.
1994-yil Toshkent o‘rta maxsus militsiya maktabi va Toshkent oliy militsiya maktabi birlashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashkil qilindi. Akademiyaga Jangovar bayroq topshirildi.
2004-yil o‘quv dargohida Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslari hamda Oliy akademik kurslar tashkil etildi.
2017-yilning 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrif buyurdi. Ta’lim muassasasining taraqqiyot davrini boshlab bergan tarixiy tashrif chog‘ida Akademiyaning nufuzi va maqomini yuksaltirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
2017-yil 16-avgustda Prezidentning “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida kadrlar tayyorlashning bir pog‘onali tizimi dasturi bo‘yicha olinadigan oliy ma’lumot magistr darajasiga tenglashtirildi. Kunduzgi ta’limda o‘qish muddati uch yil etib belgilanib, mutaxassislik yo‘nalishlari ko‘paytirildi.
Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslari negizida – Kasbiy tayyorgarlik fakulteti, Oliy akademik kurslar negizida – Rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti, shuningdek boshqa tarkibiy tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2021-yil 15 aprelda Prezidentning “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etildi.
O‘tgan yillar mobaynida Akademiya 11 ta nufuzli xalqaro tashkilot, xorijning 15 ta turdosh hamda yurtimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasalari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.