Foydali havolalar
- O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMAT PORTALI
- O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING MATBUOT XIZMATI
- YAGONA INTERAKTIV DAVLAT XIZMATLARI PORTALI
- QONUN HUJJATLARI MA’LUMOTLARI MILLIY BAZASI
- O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI
- YURIDIK PSIXOLOGIYA
Nazariy bilimlar mustahkamlanmoqda
Bugungi kunda respublikamiz ichki ishlar idoralari safini malakali mutaxassislar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaga kirib kelgan yosh xodimlarga kasb sir-asrorlarini puxta o‘rgatish, fuqarolar bilan muomala madaniyatini shakllantirish muhim masalalardan sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslarining navbatdagi yig’in kursantlari amaliyot rejasida ham shu kabi qator vazifalar belgilangan. Ular o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB hamda tuman IIBlarida amaliyot o‘tashmoqda. Kursantlarga Akademiyadan tayinlangan mas’ul xodim bilan birga amaliyot o‘tash joyidan ham tajribali murabbiylar biriktirilgan.
Jumladan, bosh boshqarmaning tashkiliy-inspektorlik boshqarmasida amaliyot o‘tayotgan kursantlarga katta inspektor, podpolkovnik Munisa Zohidova murabbiylik qilib, kunlik ish rejasini tuzish, yuritish, hujjatlar bilan ishlash, ishni tashkillashtirish va ularning ijrosi ustidan nazorat olib borish kabi vazifalar to‘g’risida atroflicha tushuncha bermoqda. Shuningdek, ShTBIXda amaliyot o‘tayotgan kursantlar xizmatga oid hujjatlarni tuzish, yuritish tartibi, huquqiy asoslari, lavozimga tayinlash, bo‘sh lavozimlarni malakali kadrlar bilan jamlash kabi masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ishtirok etib, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar. Shu bilan birga, kursantlar Axborot markazi, PPX va JTSB kabi xizmatlarda amaliyot o‘tashmoqda.
Mirobod tumani IIB HOOBga jalb qilingan kursantlarga murabbiy etib biriktirilgan jazoni ijro etish inspeksiyasi katta inspektori, serjant Sanjar Sodiqov va inspektor, serjant Eldor Jo‘rayevlar sohaning o‘ziga xos jihatlarini qunt bilan o‘rgatishmoqda. Shuningdek, XChK va FRBda amaliyot o‘tayotgan kursantlar fuqarolarga biometrik pasport berishda hujjatlarni rasmiylashtirish qoidalari, ma’lumotlar olishayapti hamda zamonaviy texnik vositalardan foydalanishni o‘rganishmoqda. Huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlarning to‘rt nafari Yunusobod tumani IIB HOOBda ish o‘rganishyapti. Ular ish yuritish, hujjatlarni rasmiylashtirish, axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarning yig’ma jildlari bilan tanishish, tegishli tartibda rasmiylashtirish kabi ishlarni amalda bajarib ko‘rishmoqda.
– Amaliyot jarayonida bajarilgan ishlar kundalik daftarga qayd qilib boriladi, – deydi Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslari katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Nodirbek Ubaydulla-zoda. – Har bir kursantning o‘zlashtirish darajasi Akademiyadan tayinlangan mas’ul o‘qituvchi tomonidan muntazam nazorat etib boriladi. Ularning intizomi, kasb madaniyati, xizmat kiyimini o‘rnatilgan tartibda kiyishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, amaliyot davomida kasb ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bir qatorda, mo‘ljallangan lavozimiga muvofiqlik darajasi ham aniqlanadi.
Amaliyot so‘ngida kursantlar olgan bilimlari bo‘yicha imtihon topshiradilar. Unda biriktirilgan murabbiy, Akademiyaning mas’ul xodimi va tegishli xizmat rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Maqsad bo‘lajak osoyishtalik posbonlarining xizmat joylariga yetuk mutaxassis bo‘lib borishlari, el-yurt tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan fidoyilar safini yanada boyitishga qaratilgan.
Inomjon RAHIMXO‘JAYEV, kichik serjant.
“Postda” gazetasi, 2014 yil 15 mart, № 11 (4060)